MIOKARD INFARKTINING O‘TKIR BOSQICHIDA NATRIY–GLYUKOZA TRANSPORTYORI 2-TURI (SGLT2) INGIBITORLARINING KLINIK SAMARADORLIGI
Jild 3 son 8 (2026): Журнал академических исследований Нового Узбекистана 15-21
Annotatsiya
Dolzarbligi. O‘tkir miokard infarkti (O‘MI) dunyo bo‘yicha yurak-qon tomir kasalliklari orasida nogironlik va o‘limning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda natriy–glyukoza kotransportyori 2-turi (SGLT2) ingibitorlari nafaqat qandli diabetni davolashda, balki yurak yetishmovchiligi va yurak-qon tomir asoratlarini kamaytirishda ham yuqori klinik samaradorlikka ega ekanligi isbotlandi. Biroq ushbu preparatlarning o‘tkir miokard infarktining dastlabki bosqichidagi qo‘llanilish samaradorligi va xavfsizligi hali ham faol o‘rganilayotgan masalalardan biri hisoblanadi. Tadqiqot maqsadi. O‘tkir miokard infarkti bilan kasallangan bemorlarda standart davolashga SGLT2 ingibitorlarini qo‘shishning klinik samaradorligi hamda yurak faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlariga ta'sirini baholash. Materiallar va metodlar. Prospektiv randomizatsiyalangan tadqiqotga o‘tkir miokard infarkti tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan 148 nafar bemor jalb qilindi. Bemorlar ikki guruhga ajratildi: asosiy guruh (n=74) standart davolash bilan bir qatorda SGLT2 ingibitorini qabul qildi, nazorat guruhi (n=74) esa faqat standart terapiya oldi. Baholashda chap qorincha chiqarish fraksiyasi (LVEF), NT-proBNP, qayta gospitalizatsiya, yurak yetishmovchiligi rivojlanishi va yirik yurak-qon tomir noxush hodisalari (MACE) tahlil qilindi. Statistik ishlov berishda IBM SPSS Statistics 27.0 dasturidan foydalanildi, p<0,05 ishonchli deb qabul qilindi. Natijalar. Kuzatuv yakunida asosiy guruhda chap qorincha chiqarish fraksiyasi 46,8±5,9 % dan 52,7±6,1 % gacha oshgani kuzatildi (p=0,003). NT-proBNP darajasi 31,8 % ga kamaydi, nazorat guruhida esa bu ko‘rsatkich 17,4 % ni tashkil etdi. Yurak yetishmovchiligi bilan qayta gospitalizatsiya qilish holatlari asosiy guruhda 9,5 %, nazorat guruhida esa 20,3 % ni tashkil etdi (p=0,041). Shuningdek, MACE rivojlanish chastotasi mos ravishda 10,8 % va 21,6 % ni tashkil etdi. Xulosa. O‘tkir miokard infarkti bilan kasallangan bemorlarda standart davolashga SGLT2 ingibitorlarini qo‘shish chap qorincha sistolik funksiyasining yaxshilanishi, yurak yetishmovchiligi rivojlanishining kamayishi hamda yurak-qon tomir noxush hodisalari xavfining pasayishi bilan namoyon bo‘ldi. Olingan natijalar SGLT2 ingibitorlarini o‘tkir miokard infarktining kompleks davolash strategiyasiga kiritish istiqbolli yo‘nalish ekanligini ko‘rsatadi.
Oʻquvchilar geografiyasi
Yuklab olishlar
Nashr qilingan
Son
Boʻlim
Iqtibos keltirish tartibi