ABDULLA QAHHORNING "OʻGʻRI" HIKOYASIDA IJTIMOIY ADOLATSIZLIK TASVIRI
;
https://doi.org/10.5281/zenodo.20679283;
realizm, ijtimoiy adolatsizlik, amaldorlar, tengsizlik, ijtimoiy muhit, Qobil bobo.Abstrak
Mazkur maqolada Abdulla Qahhorning "Oʻgʻri" hikoyasi tahlil qilinib, unda ijtimoiy adolatsizlik muammosining badiiy talqini yoritiladi. Asarda jamiyatdagi moddiy tengsizlik, inson taqdirining muhit bilan bogʻliqligi hamda realizm tamoyillarining namoyon boʻlishi ilmiy asosda koʻrib chiqiladi. Hikoyaning gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari tahlil qilinib, muallifning ijtimoiy muammolarga munosabati ochib beriladi. Kalit soʻzlar: realizm, ijtimoiy adolatsizlik, amaldorlar, tengsizlik, ijtimoiy muhit, Qobil bobo. XX asr oʻzbek adabiyotida ijtimoiy realizm yoʻnalishini rivojlantirgan yetuk ijodkorlardan biri Abdulla Qahhordir. Yozuvchi oʻzbek hikoyachiligiga beqiyos hissa qoʻshgan. U oʻz asarlarida jamiyatdagi dolzarb muammolarni, oddiy inson hayotini va uning ichki ruhiy kechinmalarini haqqoniy tasvirlaydi. "Oʻgʻri" hikoyasi ana shunday asarlar sirasiga kirib, unda ijtimoiy adolatsizlik masalasi inson taqdiri misolida yoritiladi. Asar kichik hajmli boʻlishiga qaramay, unda katta ijtimoiy muammo umumlashtirilgan holda aks etadi. Hikoya 1936-yilda yozilgan boʻlsa-da, undagi ijtimoiy muammolar hozirgi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan. Hikoyaning syujeti oddiygina Qobil boboning hoʻkizi yoʻqolishi bilan boshlansa-da, ammo uning zamirida oddiy xalq va amaldorlar oʻrtasidagi chuqur tafovut, muammolarga befarqlik, poraxoʻrlik hamda mansabparastlik kabi salbiy illatlar yotadi. Hikoyada Qobil bobo halol dehqon obrazida tasvirlangan. Uning hoʻkizi faqatgina moliyaviy manba boʻlibgina qolmay, balki hayotning oʻzi, orzu-umidlari va kelajagi timsolidir. Shu sababli Qobil bobo uchun hoʻkizning yoʻqolishi katta fojia hisoblanadi. Asarga epigraf qilib olingan „Otning oʻlimi — itning bayrami“ maqoli orqali Abdulla Qahhor asar voqealari boshlanmasdan turib, oddiy xalqning boshiga tushgan kulfatdan manfaatdor boʻlgan mansabdor shaxslarning mudhish qiyofasiga ishora qiladi. Maʼlumki, asar shoʻrolar (mustamlaka) davridagi ijtimoiy muhitni aks ettiradi. Bu davrda oddiy xalqning huquqiy va dunyoviy bilimlardan yiroqligi asarda yaqqol namoyon boʻlgan. Qobil bobo sodda, savodsiz, huquqini tanimaydigan mehnatkash kishi boʻlgani sababli ham mansabdor amaldorlar uni osongina alday olishgan. Uning kampiri ham juda sodda, ishonuvchan boʻlib, mustamlaka tizimi amaldorlari bu vaziyatdan oʻz manfaatlari yoʻlida juda unumli foydalanishgan. Agar biz oʻsha davrni tahlil qiladigan boʻlsak, mansabdor shaxslar oʻz mansabini suiisteʼmol qilib, korrupsion muhitni yuzaga keltirganini koʻrishimiz mumkin. Hikoyada ijtimoiy adolatsizlik bir necha qatlamda tasvirlangan. Moddiy yetishmovchilik va boy-kambagʻal oʻrtasidagi tafovut qahramonning shaxsiy hayotida keskin aks etadi. Shuningdek, jamiyatning loqaydligi va maʼmurlar tizimining sust ishlashi muammoni yanada chuqurlashtiradi. Muallif bu ijtimoiy sabablarni ochib berish orqali, muammoni faqat shaxsiy ayb yoki oddiy oʻgʻrilik sifatida baholashning notoʻgʻri ekanini koʻrsatadi. Hikoyada Qobil bobo hoʻkizi yoʻqolgani uchun jon kuydirib kuyuniyotgan bir vaqtda, burunsiz ellikboshining "Hoʻkizing oq poshsho qoʻl ostidan chiqib ketmagan boʻlsa, topiladi" degan gapi soddagina dehqon xayolida hoʻkizni naqd topiladigandek qilib qoʻyadi. Hikoyani oʻqigandan soʻng, oʻquvchida "Asardagi haqiqiy oʻgʻri kim?" degan savol paydo boʻlishi tabiiy. Hikoyadagi haqiqiy oʻgʻri devorni teshib hoʻkizni olib ketgan shaxs emas, balki xalqning soddaligi va chorasizligidan foydalangan amaldorlardir. Demak, "Oʻgʻri" nomi ramziy maʼno kasb etadi. U faqatgina chorva oʻgʻrisiga emas, balki insonlarning hayotini oʻgʻirlaydigan, xalq ishonchini suiisteʼmol qiladigan mansabdor shaxslarga ishora qiladi. Yana bir eʼtiborli jihati — hikoyada xalqning ishonuvchanligi, ogʻir holatga tushganda baribir umid bilan yuqori tizimga yuz tutishi va ulardan haqiqat kutishi tasvirlanadi. Lekin eng achinarlisi shundaki, bu yoʻqotishga hech kim chin dildan hamdard emas. Yordam vaʼda qilganlarning hammasi foyda olish maqsadida yolgʻon soʻzlab, Qobil bobo va kampirini ishontirib qoʻyishgan. Koʻmak berish vaʼdalari orqasida faqatgina manfaat, pora va "sovgʻa" turgani har bir sahnada ayon boʻladi. Amin, ellikboshi, pristav kabi obrazlar orqali oʻsha davr jamiyatining chirkin ijtimoiy tuzilmasi keskin tanqid ostiga olinadi. Qobil bobo esa xalqning ramzidir — u zoʻravonlik, befarqlik va ustidan kulishga dosh berib, hayotda haqiqat istab yashayotgan jabrdiyda mehnatkash odamdir. Bugungi oʻquvchi bu hikoyani faqat oʻtmish yodnomasi sifatida emas, balki jamiyatdagi baʼzi muammolarning ildiziga nazar solish uchun ham oʻqishi lozim. Hikoyada kambagʻallik, tengsizlik va jamiyatning loqaydligi inson hayotiga qanday ayanchli taʼsir koʻrsatishi badiiy asosda koʻrsatiladi. Qahhor qahramonni shunchaki qoralash emas, balki uning ichki kechinmalarini tahlil qilish orqali oʻquvchini ijtimoiy muammolar mohiyati qalida mushohada yuritishga undaydi. Bu esa asarning nafaqat badiiy, balki tarbiyaviy va maʼnaviy ahamiyatini ham oshiradi. Shunday qilib, "Oʻgʻri" hikoyasi kichik hajmiga qaramay, katta ijtimoiy-falsafiy mazmunni mujassamlashtirgan asar sifatida bugungi kunda ham dolzarbligini saqlab qolmoqda. Yozuvchining mahorati shundaki, u birgina oddiy inson taqdiri va uning fojeasi orqali butun bir davr va jamiyat muammosini bor boʻyicha koʻrsatishga muvaffaq boʻlgan. Adabiyotlar, References, Литературы: Abdulla Qahhor. Asarlar. Ikki jildlik. 1-jild: Hikoyalar, qissalar. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1987. Qoʻshjonov M. Abdulla Qahhor mahorati. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1988. Yoʻldoshev Q. Adabiyot oʻqitishning ilmiy-metodik asoslari. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1996.##submission.downloads##
Nashr qilingan
2026-06-13
Nashr
Bo'lim
Maqolalar
Litsenziya
##submission.copyrightStatement##
##submission.license.cc.by4.footer##Iqtibos keltirish tartibi
Salimova, M. (2026). ABDULLA QAHHORNING "OʻGʻRI" HIKOYASIDA IJTIMOIY ADOLATSIZLIK TASVIRI. Ilm-Fan Va Innovatsiya, 4(59), 23-25. https://doi.org/10.5281/zenodo.20679283
Article metrics
Views and PDF downloads
3
Views
0
Downloads