“XIII ASR ARAB TILSHUNOSLIGIDA SHARAFIDDIN JANDIY MEROSI: “ALFARO’ID FI SHARHI-L-QASO’ID” ASARINING ILMIY-MANBASHUNOSLIK TADQIQI”

Authors

  • Axtamova Aziza Farxod qizi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi 2-kurs magistranti Author

DOI:

https://doi.org/10.5281/zenodo.20292463

Keywords:

sarf, ilmi, qolaid, muallif, sharafiddin

Abstract

Ushbu maqolada XIII asrda yashab ijod etgan taniqli tilshunos olim Sharafiddin Ahmad ibn Mahmud Jandiyning arab tilshunosligi, xususan, sarf (morfologiya) ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi hamda uning “Qolaidu-t-ta’rif fi ilmi-t-tasrif” (“Sarf ilmidagi ta’riflar shodasi”) nomli yirik manzumasi va unga muallif tomonidan yozilgan sharhning manbashunoslik tahlili yoritilgan. Maqolada asarning muallifga nisbati, uning yozilish tarixi, tarkibiy tuzilishi hamda turli qo‘lyozma nusxalarida uchraydigan nomlanishlari qiyosiy-tekshirish usuli orqali tahlil qilingan. Xususan, asarning Turkiya va Misr kutubxonalarida saqlanayotgan nusxalaridagi farqli sarlavhalar va ularning kelib chiqish sabablari ilmiy asoslab berilgan. Tadqiqot manbaning sarf qoidalarini she’riy (nazm) yo‘l bilan soddalashtirib bayon etishdagi metodologik ahamiyati va til tarixi uchun qimmatli xulosalarini ochib berishga xizmat qiladi. Tayanch so‘zlar: Sharafiddin Jandiy, arab tilshunosligi, sarf ilmi, morfologiya, manzuma, qo‘lyozma, sharh, “Al-Qolaid”, “Al-Faroid”. Kirish. Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan ulamolar islom sivilizatsiyasi va fanining ko‘plab sohalari qatori arab tilshunosligi rivojiga ham beqiyos hissa qo‘shganlar. Xususan, til qoidalarini talabalarga oson va yodda qolarli tarzda o‘rgatish maqsadida ularni she’riy matnlar — manzumalar holatiga keltirish arab grammatikasi, xususan, nahv va sarf ilmlarida o‘ziga xos ilmiy-metodologik an’anaga aylangan. Ibn Molik Andalusiyning (1204-1274) mashhur “Alfiya” (الفية – Ming bayt) asari asari bu yo‘nalishning eng yorqin namunasi bo‘lsa, uning zamondoshi, hamyurtimiz Shayx Sharafiddin Jandiy ham sarf (morfologiya) ilmida xuddi shunday katta maktab yaratgan olimlardan hisoblanadi. Sharafiddin Jandiy sarf ilmining tarqoq va murakkab qoidalarini ma’lum tizimga solib, ularni nazm yo‘li bilan bayon etgan va o‘rganuvchilar xotirasida mustahkam saqlanishini ta’minlagan. Olim o‘z ijodi davomida turli hajmdagi uchta manzuma yaratgan bo‘lib, ularning eng yirigi va mukammali hijriy 665-yilda Buxoroda bitilgan, 360 baytdan iborat “Qolaidu-t-ta’rif fi ilmi-t-tasrif” (“Sarf ilmidagi ta’riflar shodasi”) asaridir. Ushbu manbaga o‘z davrida va keyingi asrlarda bir qator yirik sharhlar bitilgani asarning nodir va mashhurligidan dalolat beradi. Mazkur tadqiqot ishining dolzarbligi va obyekti Sharafiddin Jandiyning “Al-Qolaid” manzumasi uchun muallifning o‘zi tomonidan yozilgan avtosharh (muallif sharhi) tahliliga bag‘ishlangan. Maqolaning maqsadi — asarning aynan Jandiyga tegishli ekanligini ilmiy asoslash, turli qo‘lyozma nusxalaridagi nomlanish variantlari hamda matnning tarkibiy-tuzilish xususiyatlarini manbashunoslik nuqtai nazaridan tekshirishdan iborat. Asosiy qism. Ibn Molikning zamondoshi bo‘lgan Shayx Sharafiddin Jandiy ham sarf ilmiga bag‘ishlangan bir qator manzumalar yaratdi. U o‘z asarlarida sarf ilmining tarqoq qoidalarini go‘zal tartibda jamladi, murakkab masalalarni soddalashtirdi va manbalarni tushunarli qildi. Jandiy morfologik qoidalarni o‘rganuvchilar xotirasida mustahkam saqlanishi va puxta o‘zlashtirilishi uchun ularni nazm (she’riy shakl) yo‘li bilan bayon etgan. Muallif sarf ilmi bo‘yicha turli hajmdagi uchta manzuma yaratgan bo‘lib, “Qolaidu-t-ta’rif fi ilmi-t-tasrif” (شرح قلائد التعريف في علم التصريف - “Sarf ilmidagi ta’riflar shodasi”) asari ularning eng yirigi hisoblanadi. Ushbu asar sarf ilmining deyarli barcha boblarini qamrab olgan. Shuningdek, asar o‘zida sarf ilmining boshqa asarlarda uchramaydigan xulosalarini aks ettirgan. “Qolaidu-t-ta’rif fi ilmi-t-tasrif” asari Jandiyning sarf ilmiga doir yozgan oxirgi va hajm jihatidan eng yirik manzumasidir. Muallif uni hijriy 665-yilda Buxoro shahrida nazmga solgan bo‘lib, asar umumiy 360 baytdan iborat. Mazkur asar olimning quyidagi ikki manzumasidan keyin yozilgan: “Rayhonatu-r-ruh fi ilmi-s-sarf” (ريحانة الروح في علم الصرف - Sarf ilmi ruhiyatining nafosati) asari hijriy 657-yilda nazm qilingan bo‘lib, yetti bob, 133 baytdan iborat. “Uqudu-l-javohir fi ilmi-s-sarf” (عقود الجواهر في علم الصرف - Sarf ilmidagi javohirlar shodasi) asari hijriy 660-yilda Buxoroning Tamja mavzesida nazm qilingan bo‘lib, o‘n besh bobdan iborat. Muallif ushbu uchala manzumaning har biriga alohida sharh ham yozib qoldirgan. “Al-qolaid” asari sarf (morfologiya) ilmining aksariyat boblarini o‘z ichiga olgani sababli bir qator ulamolarning e’tiborini tortdi. Natijada, ular ushbu manzumaning murakkab o‘rinlarini yoritish va sirlarini ochish maqsadida unga sharhlar yozdilar. Asarga yozilgan sharhlarning bir necha ekanligi u o‘z davrida va o‘zidan keyingi davrda yaratilgan nodir va mashhur manbalardan biri ekanligini ko‘rsatadi. Tadqiqot ishi davomida “Al-Qolaid” manzumasi uchun yozilgan ikkita sharh aniqlandi: Manzuma muallifining o‘zi - Sharafiddin Ahmad ibn Mahmud ibn Umar Jandiy tomonidan yozilgan. Ushbu sharh “Sharh qolaidi-t-ta’rif fi ilmi-t-tasrif” (شرح قلائد التعريف في علم التصريف - “Sarf ilmidagi ta’riflar shodasi” asari sharhi) deb nomlanadi. Ushbu asarning qo‘lyozma nusxasi Iroq Respublikasi Anbar universitetida 2022-yil Umar Zohid Muhsin Hamadon Kabiysiy tomonidan tahqiq qilingan. Qavomuddin Amir Kotib ibn Amir Umar Amid ibn Amid Amir G‘oziy Forobiy Itqoniy (1286-1357) qalamiga mansub. Ushbu sharh “Faroidu-l-favaid sharhu-l-Qolaid” (فرائد الفوائد شرح القلائد – Marvaridlar sharhida durdona foydalar) deb nomlanadi va hozirda qo‘lyozma holatida saqlanmoqda. Tadqiqot ishimizning o‘rganish obyekti sifatida “Al-Qolaid” manzumasi uchun muallifning o‘zi tomonidan yozilgan sharh tanlab olingan. Kitobning nomlanishi haqida muallif Sharafiddin Jandiy o‘z manzumasining muqaddimasida quyidagilarni bayon etgan: “Sarf ilmi qoidalarining javohirlarini nazmga solganimda, ularning nafisligi va latofati qalbimga singib ketdi. Shundan so‘ng, ushbu manzumani “Al-Qolaid” (Shodalar) deb nomlashga qaror qildim”. Shuningdek, u o‘z sharhining oltinchi bobi, birinchi baytida ham: “Senga foydali durdonalarni nazm qildim, ularni “Al-Qolaid” deb atash munosibdir”, — deya asar nomini yana bir bor tasdiqlagan. نظمتُ لك الفرائد من فوائدْ فحقّ لهنّ أن تدعى القلائدْ Mazkur asarning nisbat berilishida uning aynan Sharafiddin Jandiyga tegishli ekanligini quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatadi: Turkiyaning La-le-li kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozma nusxasining boshlanishida: “Ahmad ibn Mahmud Jandiyning “Kitabu-l-Qolaid” asari”, — deb yozilgan. Qo‘lyozma nusxasining oxirida kotib tomonidan: “Muallif Sharafiddin Ahmad ibn Mahmud Jandiydir, u kishi Jayhun (Sirdaryo) bo‘yidagi Jand shahridan bo‘lib, “An-Nazm as-Sirojiya” asarining ham muallifidir”, — degan qayd qoldirilgan. Muallifning uchta sarfiy manzumasi (Rayhonatu-r-ruh, Uqudu-l-javohir va Al-qolaid) sharhlari o‘rtasida ilmiy ma’lumotlarni taqdim etish, masalalarni muhokama qilish va dalillashda uslubiy jihatidan juda katta o‘xshashlik mavjud. Ushbu kitobning Sharafiddin Jandiydan boshqa biror olimga tegishli ekanligi haqida hech qanday manbada ma’lumot uchramaydi. Muallif “Javome’u-l-fiqar”(جوامع الفقر – Muhtojlik to‘plami) deb nomlangan asari xotimasida quyidagi ma’lumot uchraydi: “Ushbu “Al-qolaid”ni nazm qilgan va mazkur “Al-Faroid”ni nasrda bayon etgan - muallif Ahmad ibn Mahmud ibn Umar Jandiydir”. Shuningdek, muallifning o‘ziga xos ilmiy uslubi va turli asarlarida qo‘llagan atamalarining bir-biriga juda o‘xshashligi ham mazkur asarning Jandiyga tegishli ekanligini ko‘rsatadi. O‘rganilayotgan “Al-qolaid” asarining bir nechta qo‘lyozma nusxalarida ushbu kitob uchun ikki xil nom qayd etilgan: Birinchi nusxa sarlavhasida: Muallifning o‘zi: “Uni “Sharh Qolaidi-t-ta'rif fi ilmi-t-tasrif” (شرح قلائد التعريف في علم التصريف - Sarf ilmi qoidalarining javohirlari sharhi) deb nomladim", — deb aytgan. Asar Misrning Doru-l-kutub (دار الكتب – Kitoblar uyi) kutubxonasi katalogida aynan shu nom ostida kiritilgan. Ikkinchi nusxa sarlavhasida: Kotib tomonidan “Al-faroid fi sharhi-l-qosaid fit-tasrif lil-Jandiy al-Buxoriy” (الفرائد في شرح القصائد في التصريف للجندي البخاري - Jandiy Buxoriyning sarfga oid qasidalari sharhidagi durdonalar) deb ko‘rsatilgan. Qo‘lyozma Turkiyaning La-le-li kutubxonasida 3097-raqam ostida saqlanmoqda. Birinchi nom muallif tomonidan asar muqaddimasida keltirilgan bo‘lib, Jandiy ko‘pincha o‘z sharhlarini shunday nomlashni odat qilgan. Masalan, uning “Al-misboh” asariga yozgan sharhi muqaddimasida: “Uni “Anvoru-l-masobih” (أنوار المصابيح - Chiroqlar nuri) deb nomladim, zero unda sirlar hayratlanarli darajada jamlangan bo‘lib, u bilan ko‘zlar nurlanadi”, - degan so‘zlarini uchratish mumkin. Shuningdek, birinchi nusxaning har tomonlama mukammalligi va xatolarning kamligi, ayniqsa, asar matni bitilgan xat uslubi (husnixati) diqqatga sazovordir. Asarning so‘nggi qismidagi yetishmovchiliklar ham to‘ldirilgan bo‘lib, bu kotibning ushbu qo‘lyozmani yaxshi bilganidan y bu bevosita muallifning o‘z nusxasi ekanidan dalolat beradi. Shu jihatlardan, “Sharh Qolaidi-t-ta'rif fi ilmi-t-tasrif” asarning haqiqiy nomi ekanligiga ishora qiladi. Ikkinchi nusxasining sarlavhasidagi nom kotibning shaxsiy tanlovi bo‘lib ko‘rinadi. Muallif muqaddimasini o‘rganganimizda, kotib yozgan so‘zlar aslida muallif so‘zlaridan olingan iqtibos ekanligi ma’lum bo‘ladi. Muallif asarining boshida: “So‘ngra men ushbu qasidalar sirlarini ochib beruvchi, “Al-Qolaid” deb nomlangan nasriy durdonalar bitishga qaror qildim”, - deydi. Kotib esa “Al-qolaid” (Javohirlar) va “Al-qosaid” (Qasidalar) so‘zlarini tushirib qoldirgan bo‘lib, asosiy e'tiborni “Al-Faroid” so‘ziga qaratgan va sarlavhani o‘zgartirib yuborgan. Ushbu tadqiqot ishi mavzusining bosh nomi ikkinchi nusxadagi kotib sarlavhasiga ko‘ra tanlangan. “Al-faro’id fi sharhi-l-qaso’id fi-t-tasrif” asari tuzilish jihatidan 25 ta qasidadan iborat bo‘lib, har bir qasida muayyan bir sarfiy bob, masalan, fe’l boblari, vaznlar, fe’ldagi fonetik o‘zgarishlar kabi mavzularga bag‘ishlangan. Xulosa. Shayx Sharafiddin Jandiy sarf ilmi qoidalarini nazmga solish va unga sharh bitish orqali tarqoq qoidalarni yagona tizimga keltirgan. Uning asarlari boshqa sarf kitoblarida uchramaydigan o‘ziga xos ilmiy xulosalarni qamrab olgani bilan ham alohida qiymatga ega. Turkiyaning La-le-li kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozma nusxasidagi qaydlar, muallifning boshqa asarlaridagi (“Javome’u-l-fiqar”) iqtiboslar hamda uning uchala manzumasidagi uslubiy, terminologik o‘xshashliklar mazkur manbaning shubhasiz Sharafiddin Jandiy qalamiga mansubligini to‘liq isbotlaydi. Tadqiqot davomida asarning ikki xil nom bilan yuritilishi aniqlandi. Muallif tomonidan qo‘yilgan asl nom “Sharh Qolaidi-t-ta’rif fi ilmi-t-tasrif” bo‘lsa-da, Turkiya nusxasidagi kotib matndagi ba’zi so‘zlarni tushirib qoldirib, uni “Al-faro’id fi sharhi-l-qaso’id fi-t-tasrif” deb o‘zgartirgan. Biroq, Misr kutubxonasi va asar husnixatining mukammalligi birinchi nomning haqiqiy ekaniga ishora qiladi. Shunga qaramay, ushbu tadqiqotda mavzu ikkinchi nusxadagi taniqli sarlavhaga muvofiq tanlab olindi. Umuman olganda, mazkur asarni o‘rganish va uning qo‘lyozma nusxalarini tahlil qilish o‘zbek tilshunosligida Movarounnahr arabshunoslik maktabining boy tarixini, xususan, XIII asr Buxoro ilmiy muhitini chuqurroq anglashga xizmat qiladi.

References

الرياض، مكتبة دار المنهاج، ألفية ابن مالك في النحو والتصريف. تحقيق سليمان بن عبد العزيز بن عبد الله العيونيّ. –
بيان محمد فتاح الجباوي. تحقيق ريحانة الروح في علم الصرف. – القاهرة: دار الذخائر. – 2021
حاجي خليفة. سلم الوصول في طبقات الفحول. الجزء الأول. – بيروت: منظمة المؤتمر الإسلامي، 2011.. مصطفى بن عبد الله
عمر زاهد محسين حمدان الكبيسي.شرح القلائد التعريف في علم التصريف لشرفد الدين أحمد بن محمود بن عمر الجندي(ت – 669هـ) – دراسة و تحقيق). – العراق، 2022.
فرائد الفوائد شرح القلائد. مخطوط. – الايطالية، المكتبة الوطنية المركزية في جامعة فلورنسا الايطالية، رقم 1-6.
عمر زاهد محسين حمدان الكبيسي.شرح القلائد التعريف في علم التصريف لشرفد الدين أحمد بن محمود بن عمر الجندي(ت – 669هـ) – دراسة و تحقيق). – العراق، 2022. \
مخطوط جوامع الفقر، 222-ظ.
فهرس دار الكتب المصرية، رقم 2\62
شرف الدين الجندي. أنوار المصابيح. – العراق: جامعة تكريت كلية الآداب، 2023.

Downloads

Published

2026-05-19

How to Cite

Axtamova, A. (2026). “XIII ASR ARAB TILSHUNOSLIGIDA SHARAFIDDIN JANDIY MEROSI: “ALFARO’ID FI SHARHI-L-QASO’ID” ASARINING ILMIY-MANBASHUNOSLIK TADQIQI”. Science and Innovation, 4(41), 141-147. https://doi.org/10.5281/zenodo.20292463
Innovative Academy RSC
Article metrics Views and PDF downloads
4 Views
0 Downloads